Berilganlarni qayta ishlash uchun dasturlash tillarida amallarning juda keng majmuasi aniqlangan. Amal - bu qandaydir harakat bo‘lib, u bitta (unar) yoki ikkita (binar) operandlar ustida bajariladi, hisob natijasi uning qaytaruvchi qiymati hisoblanadi. Bajarilishi natijasida biror bir qiymat qabul qiladigan barcha ifodalar Python tilida amallar deyiladi. Amallar albatta biror bir qiymat qaytaradi. Masalan, 3+2 amali 5 qiymatni hosil qiladi.
An’anaviy arifmetikadagidek dasturlash tillarida ham amallar ma’lum bir tartib va yo‘nalishda bajariladi. Ma’lumki, matematik ifodalarda bir xil ustunlikdagi amallar uchrasa (masalan, qo‘shish va ayirish), ular chapdan o‘ngga bajariladi. Bu tartib dasturlash tillarida ham o‘rinli, biroq ayrim hollarda amal o‘ngdan chapga bajarilishi mumkin (qiymat berish amalida).
Ifodalar qiymatini hisoblashda amallar ustunligi hisobga olinadi, birinchi navbatda eng yuqori ustunlikka ega bo‘lgan amal bajariladi. Dastur tuzuvchisi amallarni bajarilish tartibini o’zgartirishi ham mumkin. Xuddi matematikadagidek, amallarni qavslar yordamida guruhlarga jamlash mumkin. Qavs ishlatishga cheklov mavjud emas.